Afandi qo‘sh xaydab yurib bir xum oltin topib oldi

Afandi qo‘sh xaydab yurib bir xum oltin topib oldi. Atrofiga olazarak qaragan edi, yonida ov qilib yurgan podshoga ko‘zi tushdi. «Agar shu oltinlarni podshoga bersam, biror shaharga meni hokim qilar» degan xayol ko‘nglidan o‘tdi-da, podshoni chaqirdi. podsho ham kela boshladi, U kelguncha, oltinlarning mehri o‘tkirlik qilib, uni podshoga bergisi kelmay qoldi. Podsho:

— Nima ishing bor, meni nega chaqirding!— dedi.

— Shohim, siz ko‘zchi, didi baland odamsiz, bir chamalab ko‘ring-chi, haydalgan joy ko‘pmi, haydalmaganimi?— dedi Afandi.

Nihoyatda achchig‘langan podsho:

— Ablah, mening ovimga halal berding!— dedida jo‘nab qoldi. podsho biroz yurgach, Afandi yana iyib ketdi-da, oltinlarni unga bergisi kelib chaqirdi:

— Shohim, qayting, bir xum oltin beraman! Oltinning nomini eshitgan podsho otining boshini burib qaytib kela boshladi. Biroq u yetib kelguncha Afandi yana aynib qoldi-da:

— Shohim, bir nazar solib qarang, ola ho‘kizim tez yuradimi, qorasi ildammi? — dedi Afandi.

Podsho o‘z ichida: «Bu jinni odam ekan» deb xayol qil-di-yu otni choptirib ketdi.

Afandi qo‘shni tugatib, kechqurun xumni ko‘tarib uyiga keldi. Xumni uyga qo‘yib, ho‘kizlarni joylash uchun molxonaga kirib ketdi. Xotini xumni qaragan edi, ichi to‘la oltin. U darrov oltinlarni sandiqqa solib, xumni tosh bilan to‘latib qo‘ydi.

Afandi molxonadan chiqquncha yana oltinlarni podshoga bergisi kelib qoldi-da, xumni qopga solib ko‘tarib, saroyga qarab jo‘nadi. Podsho beklari bilan kengashib o‘tirar edi. Afandi o‘rtaga kirib borib:

— Shohim, sizga bir xum oltin olib keldim,— dedi-da xumni gilamga ag‘dardi.

Undan to‘kilgan toshlarni ko‘rib, hamma ajablandi. Afandi xijolatdan chiqish uchun, dedi:

— Bordi-yu, shu xum to‘la tilla bo‘lganda, necha botmon kelar edi?