Bir qari odam kasal bo‘lib yotib qoldi

 

Bir qari odam kasal bo‘lib yotib qoldi. Yoniga o‘g‘lini chaqirib, vasiyat qila boshladi:

— Bolalarim, jon bor yerda qazo bor. Shuning uchun hozirdan aytib qo‘yay, odamlardan olasi-berasilarim bor. Men aytib turaman, sen yozib ol.

— Xo‘p, dada, aytavering! Qani, oldin kimlardan ola-silaringiz bor, shuni ayting!

— Yoz, Eshmatda yuz so‘m, Toshmatda yuz so‘m, Isavoyda ikki yuz so‘m, Musavoyda ikki yuz so‘m…

— Ha, dadajon, aytavering, tag‘in kimlarda bor? Dadasi yana uch-to‘rt odamning nomini aytdi. Olasi-larning jami ming so‘mcha bor edi.

— Bolam, endi qog‘ozning narigi tarafini ag‘dar. Kimlarga berasilarim bor, shuni yoz.

— Qani, ayting-chi.

— Ismatxo‘ja akaga ming so‘m, Rustamxo‘ja akaga ming so‘m, Eshon akaga ikki ming so‘m, Mulla Umarboyga…

— E to‘xtang, to‘xtang, dada, endi ayniy boshladingiz,— deb, o‘g‘li uning boshini ushlab ko‘rdi,— bu gaplar isitmaning haroratiga o‘xshaydi. Yota qoling dada…